Maktab psixologlarining kasbiy kompetensiyasini rivojlantirish, ularning faoliyat samaradorligini oshirish hamda o`quvchilarni kasbga yo`naltirish ishlarini zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etish maqsadida navbatdagi onlayn o`quv-seminar mashg`uloti o`tkazildi.
Joriy yilning 10-sentabr kuni Respublika tashxis markazining O`quvchilarni kasbga yo`naltirish va metodik ta`minoti bo`limi metodistlari tomonidan tashkil etilgan mazkur onlayn o`quv-seminarda maktab psixologlari hamda pedagoglar ishtirok etdi.
Seminarning asosiy maqsadi maktab psixologlarining kasbga yo`naltirish borasidagi nazariy bilimlarini mustahkamlash, amaliy ko`nikmalarini rivojlantirish, o`quvchilarning individual imkoniyatlari va qiziqishlarini hisobga olgan holda kasbiy yo`nalish berishning samarali usullarini ommalashtirishdan iborat bo`ldi.

O`quv-seminar davomida maktab psixologlarining kundalik faoliyatida amaliy ahamiyatga ega bo`lgan quyidagi mavzular batafsil muhokama qilindi:
1.Psixologning kasbga yo`naltirishdagi 7 ta muhim vazifasi
Mazkur mavzuda maktab psixologining o`quvchilarni kasbga yo`naltirish jarayonidagi o`rni va mas`uliyati keng yoritildi.
Xususan, o`quvchilarning qiziqishlari, qobiliyatlari, individual-psixologik xususiyatlari va kasbiy moyilliklarini aniqlash, ularning o`z imkoniyatlarini to`g`ri baholashiga ko`maklashish, kasb tanlash jarayonida psixologik qo`llab-quvvatlash ko`rsatish kabi masalalarga alohida e`tibor qaratildi.
2. Ota-onalar bilan ishlash: kasblarni qanday to`g`ri tushuntiramiz?
Seminarning muhim yo`nalishlaridan biri o`quvchilarning kasb tanlashida ota-onalar bilan samarali hamkorlikni tashkil etish masalasiga bag`ishlandi.
Muloqot davomida ota-onalarning farzand kasb tanlashiga ta`siri, ularning shaxsiy qarashlari va mavjud stereotiplar o`quvchining kasbiy tanloviga qanday ta`sir qilishi haqida fikr yuritildi.
Psixologlar tomonidan ota-onalarga kasb tanlashda faqat nufuz, daromad yoki jamiyatdagi mavqega emas, balki farzandning qiziqishi, qobiliyati, imkoniyati, shaxsiy xususiyatlari va kelajakdagi kasbiy istiqbollarini hisobga olish zarurligini tushuntirish bo`yicha tavsiyalar berildi.
3. Hududdagi mehnat bozori va ishchi kasblar
Seminarning yana bir dolzarb mavzusi hududdagi mehnat bozori ehtiyojlarini o`rganish va o`quvchilarni zamonaviy ishchi kasblarga yo`naltirish masalalariga bag`ishlandi.
Mazkur yo`nalishda psixologlarning o`quvchilarni faqat an`anaviy kasblar bilan emas, balki hududda talab yuqori bo`lgan, zamonaviy texnologiyalar bilan bog`liq va istiqbolli kasblar bilan ham tanishtirishi muhimligi ta`kidlandi.
O`quvchilarga mehnat bozori haqida to`g`ri va tushunarli ma`lumot berish, turli kasblarning mazmuni, zarur kompetensiyalari, mehnat sharoitlari va rivojlanish imkoniyatlarini tushuntirish orqali ularning kasbiy dunyoqarashini kengaytirish mumkinligi qayd etildi.