1.Bulling nima va unga qanday kurashish mumkin?

Bulling — bu bir insonning boshqasiga oʻzini qasddan va qayta-qayta yomon his qilishga majbur qilishi, va jabrdiyda uchun oʻzini himoya qilish qiyin boʻlgan holatdir. Qoʻrqituvchilar koʻpincha "kuchliroq" boʻlib koʻrinish uchun oʻzlaridan kuchsizroq insonlarni tanlaydilar.
Bulling turlari
- Ogʻzaki bulling
Birovni haqorat qilish, masxara qilish yoki uning his-tuygʻularini toptaydigan qoʻpol hazillar kiradi. Bunday gap-soʻzlar, ayniqsa, oila, millat, diniy eʼtiqod yoki tashqi koʻrinish haqida boʻlsa, juda ogʻir boʻlishi mumkin.
- Jismoniy bulling
Bu turtib yuborish, urish, tepish yoki shaxsning biror narsani ataylab buzib yoki yomon qilib qoʻyish kiradi. Masalan, kiyimingizni yirtish yoki loy bilan kirlatish.
- Qoʻrqitish
Haqorat qiluvchilar baʼzan tahdid qiladilar. Masalan, "Maktabdan keyin seni kutib olamiz" degan soʻzlar ham bulling hisoblanadi.
- Nomaqbul ishoralar
Qoʻrqituvchilar baʼzan imo-ishoralar orqali ham qoʻrqitishga harakat qiladilar — bu musht кщрсатиш, nomaʼqul (uyatsiz) belgilar koʻrsatish yoki gʻazabli nigohlar boʻlishi mumkin.
- Tovlamachilik
Koʻpincha tajovuzkorlar pul yoki biror narsani talab qiladilar. Baʼzan, ular bulling obyektini oʻzlari uchun oʻgʻirlik qilishga majburlaydilar.
- Inkor etish (eʼtiborsizlik)
Agar Sizni doimiy ravishda ataylab eʼtiborsiz qoldirishsa, oʻyinlarga yoki suhbatlarga qoʻshishmasa va guruhdan chiqarishga harakat qilishsa, bu ham bullingning bir shaklidir.
- Boshqalarni jabrdiydaga qarshi qoʻyish
Taʼqibchilar insonni tahqirlash va uni tengdoshlari bilan muloqotdan chetlashtirish maqsadida mish-mishlar yoki yolgʻon maʼlumotlar tarqatishi mumkin.
- Haqoratli yozuvlar va tasvirlar
Bu maktab yoki koʻchada siz haqingizdagi yoqimsiz yozuvlar, tasvirlar yoki graffiti boʻlishi mumkin.
- Kiberbulling
Bunda internet va telefon vositalaridan foydalaniladi — yoqimsiz xabarlar yuboriladi, tahqirlar, haqoratli xabarlar, noxush foto va video materiallar yoki foto-shop suratlar tarqatiladi.
BULLING — BU HAR DOIM NOTOʻGʻRI!
Hech kim sizni qoʻrqitish yoki sizga tahdid qilishga haqli emas! Bulling holatlarida qanday choralar koʻrish haqida saytimizning boshqa maqolalarida maʼlumot topishingiz mumkin.
2.Bullingdan qanday himoyalanish mumkin?

Agar siz bullingga duch kelayotgan boʻlsangiz, yaʼni maktabda kimdir Sizga nisbatan nojoiz xatti-harakatlar qilayotgan boʻlsa va bu muntazam ravishda takrorlanayotgan boʻlsa, oʻzingizni emotsional charchagan his qilayotgan va bu holatni qanday toʻxtatishni bilmayotgan boʻlsangiz, tushkunlikka tushmang! Quyidagi tavsiyalar sizga yordam beradi. Hammasini toʻgʻrilash mumkin!
- Vaziyat haqida ochiq va ravshan gapiring. Sizni xafa qilayotgan (yoki xafa qilayotganlar) bilan muloqotda vaziyatni oʻz nomi bilan atash muhim. Sizga ularning harakatlari yoqmayotganini bildiring, masalan: «Siz qilayotgan ishlar menga yoqmayapti. Siz bulling bilan shugʻullanyapsiz» deb ayting. Bunda aynan holat haqida gapirish va zinhor uning shaxsiyati haqida salbiy baholar bermaslik muhim. Yaʼni oddiy qoidaga amal qiling: shaxsni baholamang, faqat uning nojoiz xatti-harakatlari haqida ochiq gapiring.
- Kattalardan yordam soʻrashdan qoʻrqmang. Bu uyat emas. Sizga qoʻllab-quvvatlash kerak. Sukut saqlash va yolgʻizlikda azoblanish yaxshi yoʻl emas! Bu holatlar haqida ota-onangizga albatta ayting. Ularda hayotiy tajriba bor, birgalikda chiqish yoʻlini topish osonroqdir. Sinf rahbaringizga yoki oʻzingiz ishongan boshqa pedagogga, maktab psixologiga murojaat qiling va Sizga qiyin boʻlayotganini, oʻzingizni yomon his qilayotganingizni va sinfdoshlaringizning xatti-harakatlarini tazyiq sifatida qabul qilayotganingizni aytib bering.
- Qoʻllab-quvvatlovchi insonlarni izlang. Tan oling, bosimga qarshi yolgʻiz qarshi kurashish qiyin. Ehtimol, sinfdoshlaringiz orasida Sizning haqiqiy tarafingizda boʻlgan va bosim koʻrsatayotganlarning harakatlarini maʼqullamaydiganlar boʻlishi mumkin. Hamjihatlikda qoʻrquv sezilmaydi va bullingga qarshi turish osonroq!
- Muammoni mushtlashish, janjallashish bilan hal qilmang – bu vaziyatdan chiqish yoʻli emas. Jismoniy kuch ishlatish vaziyatni ogʻirlashtirishi va yomon oqibatlarga olib kelishi mumkin.
- Tazyiq oʻtkazayotgan shaxsning bahonalariga ishonmang. Agar u bunga sizni aybdor qilsa yoki faqat hazil qilayotganini aytsa ham, bu uning xatti-harakatlarini oqlamaydi. Haqoratlar doimo notoʻgʻri, hech kim boshqa insonni kamsitib yoki haqorat qilib azob berishga haqli emas.
- Sizni sindirishlariga yoʻl qoʻymang. Agar oʻzingizni foydasiz, zaif yoki aybdor his qilsangiz, bilingki, bu faqat jabrlovchining oʻzini kuchli his qilish uchun qilgan harakatidir. Siz hamma kabi hurmat va himoyaga loyiqsiz. Sizni himoya qila oladigan ota-onangiz va doʻstlaringiz bor. Bu vaziyatda muammo bilan yolgʻiz qolmasligingiz kerakligini unutmang.
- Qatʼiyati boʻling. Nima sodir boʻlayotganini gapirishda va bullingni toʻxtatishni talab qilishda qatʼiy turing, vaziyat oʻzgarmasa – kattalarga murojaat qilishda, gapirishda davom eting.
3.KIBERBULLING NIMA?

Kiberbulling — bu internetdagi tazyiq, va u turli shakllarda namoyon boʻlishi mumkin. Uning mohiyatini yaxshiroq tushunish uchun asosiy tushunchalarni koʻrib chiqaylik. Agar "bulling" real hayotda biror insonga jismoniy yoki ruhiy zarar yetkazish maqsadida amalga oshiriladigan tajovuzkor harakatlarni anglatsa, "kiberbulling" ham xuddi shunday, lekin bu internetda, yaʼni raqamli olamda sodir boʻladi. Asosiy maqsad — insonni obroʻsizlantirish va unga emotsional zarar yetkazish.
Kiberbulling — internetdagi turli tazyiq turlarini oʻz ichiga oluvchi umumiy atamadir.
- Kibermobbing. Bu —internetda xabarlar yoki izohlar orqali hujum qilish. Masalan, yomon gaplarni yozish yoki salbiy fikrlar bildirish.
- Trolling. Trollar qurbonni asabiylashtirib, unda kuchli his-tuygʻularni uygʻotish va nizolarga tortish maqsadida finali izohlar qoldiradilar. Bu bilan insonni qoʻpol va keskin soʻzlar aytishga majbur qilishni koʻzlaydilar, keyin esa bu soʻzlarni uning oʻziga qarshi qoʻllaydilar.
- Doksing. Bu — qasddan zarar yetkazish maqsadida, yomon niyatli shaxslar tomonidan insonning shaxsiy maʼlumotlarini (masalan, manzil, telefon raqami yoki oilaviy maʼlumotlar) topib, oshkor qilishi holati. Bu maʼlumotlar ochiq manbalardan olinishi yoki akkauntlarni buzib kirish orqali qoʻlga kiritilishi mumkin va natijada insonga katta zarar yetkazilishi ehtimoli bor.
- Internet-stalking. Bu — doimiy kuzatish, ijtimoiy tarmoqlarni muntazam nazorat qilish, postlar va izohlarni kuzatish kabi hujum shakli. Stalker, hatto bloklanganidan keyin ham, qurbon bilan aloqa qilishga urinadi va uning internetdagi faoliyatini kuzatishda davom etadi. Baʼzan bu holatlar real hayotda ham taʼqibga olib keladi.
- Intim shantaj. Zoʻravon qurbonning roziligisiz uning shaxsiy materiallarini (foto, video, yozishmalar) tarqatish yoki shantaj qilish bilan tahdid qiladi. Bu koʻpincha munosabatlar buzilganidan soʻng yoki shaxsiy maʼlumotlarni buzib kirish natijasida sodir boʻladi.
4.Oʻzingizni kuzatuvchi yoki taʼqib qiluvchi odamdan qanday himoya qilish mumkin: maslahatlar va amaliy qadamlar

Stalking — bu kimdir Sizni doimiy ravishda kuzatish, izingizdan ergashish yoki turli yoʻllar bilan noqulaylik tugʻdirish jarayoni boʻlib, u Sizning shaxsiy erkinligingiz va tinchligingizga tahdid soladi. Bunday vaziyatlarda xavfsizligingizni taʼminlash muhim. Quyida bunday holatlarda oʻzingizni himoya qilishda yordam beradigan bir nechta amaliy tavsiyalar keltirilgan:
- Oʻzingizni himoya qilishni oʻrganing. Agar kimdir Sizni bezovta qilayotgan yoki tahdid solayotgan boʻlsa, u bilan barcha aloqalarni uzing. Stalker (taʼqibchi)ni tushunishga yoki u bilan kelishib olishga urinmang – bu koʻpincha foydasiz va undan qutulishni qiyinlashtirishi mumkin.
- Oʻzingizni aybdor his qilmang. Bunday holatda qoʻrqish yoki asabiylashish tabiiydir. Bu his-tuygʻular uchun oʻzingizni ayblamang; bu vaziyat Sizning xatolaringiz tufayli emas, balki kuzatuvchining notoʻgʻri xatti-harakatlari sababli yuzaga kelgan. Бу муаммога дуч келган кўпчилик одамлар ўзларини шундай ҳис қиладилар.
- Yaqinlaringiz bilan maslahatlashing. Agar kimdir Sizni doimiy ravishda kuzatib yurganini his qilsangiz, bu haqda ishonchli insonlarga — masalan, ota-onangiz yoki yaqin doʻstingizga xabar bering. Ular bu holatda qanday yordam berishlarini bilib, qoʻllab-quvvatlaydilar. Taʼqibchilar odatda qurbonni yakkalashga va uni yolgʻiz va zaif his qilishga urinadilar, shuning uchun bunday muammoda yakkalikda qolmaslik juda muhim.
- Himoya uchun yordam soʻrang. Agar kuzatuvchi yaqinlaringiz borligini koʻrsa, ehtimol, qoʻrqib, oʻzi cheklanadi. Xususan, bu inson bilan uchrashib qolish xavfi bor joylarda yaqinlaringiz bilan birga boʻlishingiz Sizning xavfsizligingizni taʼminlashga yordam beradi. Bu orqali oʻzingizni kuchli va himoyalangan his qilasiz.
- Internetda ehtiyotkor boʻling. Bugungi kunda koʻpincha kuzatuv internetda, xususan, ijtimoiy tarmoqlarda boshlanadi. Shuning uchun akkauntlaringizni xavfsizligini taʼminlang: murakkab parollardan foydalaning va ikki bosqichli himoyani yoqing. Yashaydigan manzilingiz, telefon raqamingiz yoki qayerda yurganingiz haqida maʼlumotni ijtimoiy tarmoqlarda bermaslikka harakat qiling.
- Psixolog bilan maslahatlashing. Agar vaziyatni mustaqil ravishda hal qilish juda qiyin boʻlsa, maktab psixologi bilan suhbatlashing. Maktabdan tashqarida psixologga ham ota-onangiz yoki yaqin kattalar bilan birgalikda murojaat qilishingiz mumkin. Psixologlar bunday muammolar bilan koʻp ishlaydilar va sizga yechim topishda yordam beradilar.
Yodda tuting! Bu kabi taʼqib va kuzatuv holatlari Sizning aybingiz emas. Hech kim Sizning shaxsiy xavfsizligingizni buzishga haqli emas. Oʻzingizni himoya qilishdan uyalmang yoki tortinmang, bu Sizning haqqingiz!
Bulling holatida qayerga murojaat qilish mumkin?
Oʻzbekistondagi ishonch telefonlari:
- Oʻzbekiston Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi ishonch telefoni: 1006
- «Inson» ijtimoiy xizmat markazlari: +998 71 2395920
- Bolalarni ijtimoiy moslashtirish milliy markazi: +998 71 281-50-17
- Zarur hollarda ichki ishlar organlariga murojaat qilish yoki 102 qisqa raqamiga qoʻngʻiroq qilish tavsiya etiladi.