Respublika tashxis Markazi O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 13 maydagi 203-sonli qarori asosida xalq ta'limi vazirligining 1999 yil 23 iyundagi 108-sonli buyrug`i bilan respublika iste'dod Markazi negizida tashkil etilgan.
Xalq ta'limi Vazirligining 2001 yil 23 aprelidagi 64-sonli "Respublika o`quvchilarni kasb-hunarga yo`naltirish va psixologik-pedagogik tashxis Markazi faoliyatini takomillashtirish va rivojlantirish to`g`risidagi buyrug`i bilan Markaz: -O`quvchilarni kasb-hunarga yo`naltirish va psixologik-pedagogik Respublika tashxis Markazi" deb qayta nomlandi va uning tuzilmasi tasdiqlandi. O`zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining O`quvchilarni kasb-hunarga yo`naltirish va psixologik-pedagogik Respublika Tashxis Markazi O`zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tizimidagi o`quvchi-yoshlarning kasb-hunarga yo`naltirish xizmatiga rahbarlik qiluvchi zveno hisoblanadi va O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi va qonunlarida ko`zda tutilgan jamiyat ehtiyoji va mehnat bozori talablari asosida ularning o`z qiziqishlari, qobiliyatlari va sog`liqlariga mos bo`lgan kasb-hunarlarni tanlashlariga ko`maklashadi. Markaz o`quvchi yoshlarni kasb-hunarga yo`naltirish va psixologik-pedagogik tashxis sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va o`rnatilgan tartibda amalga oshirish, O`zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining kasb-hunarga yo`naltirish respublika tizimini tashkiliy, ilmiy-metodik, axborot-ma'lumot va dasturiy ta'minlash maqsadida tashkil etilgan. Markaz yuridik shaxs hisoblanib, O`zbekiston Respublikasi davlat gerbining tasviri tushirilgan, tashkilotning to`liq nomi yozilgan dumaloq muhriga, shtampiga va peshlavhasiga ega. Markaz o`z mustaqil balansiga, O`zbekiston Respublikasi bank muassasalarida hisob-kitob raqamlariga ega, o`z faoliyatini davlat byudjeti, grantlardan, xo`jalik shartnomalaridan va boshqa manbalardan tushgan mablag`lar hisobiga amalga oshiradi. Markaz tuzilmasi va shtatlar jadvali o`rnatilgan tartibda O`zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligi tomonidan belgilanadi va tasdiqlanadi.