Video galleria

INKLYUZIV TA’LIM – HAR BIR BOLA UCHUN IMKONIYAT, HAR BIR QADAMDA RIVOJLANISH!

Jizzax viloyati, Jizzax shahridagi 1-sonli umumta’lim maktabining 2-sinfida tahsil olayotgan inklyuziv ta’lim o‘quvchilari Anvarov Doston va Turg‘unov Muzrob bilan navbatdagi korreksion-rivojlantiruvchi mashg‘ulotlar tashkil etildi. Mashg‘ulot mavzusi: Diqqat, xotira, idrok, tafakkur va tasavvur jarayonlarini maxsus metodikalar hamda rivojlantiruvchi mashqlar yordamida takomillashtirish. Mashg‘ulotning asosiy maqsadi: O‘quvchilarning bilish faoliyatini rivojlantirish, diqqatini jamlash, xotirasini mustahkamlash, idrok etish va fikrlash qobiliyatlarini faollashtirish, tasavvurini kengaytirish hamda o‘qish ko‘nikmalarini bosqichma-bosqich shakllantirish va mustahkamlashdan iborat. Mashg‘ulot davomida o‘quvchilarning individual imkoniyatlari, qiziqishlari va o‘zlashtirish xususiyatlarini inobatga olgan holda turli korreksion-metodik topshiriqlar, didaktik o‘yinlar, ko‘rgazmali materiallar va amaliy mashqlardan foydalanildi. Jumladan, o‘quvchilarning diqqatini jamlash, eslab qolish va qayta tiklash, predmet va tasvirlarni farqlash, o‘xshash hamda farqli jihatlarni aniqlash, mantiqiy fikrlash, voqealarni izchil bayon etish va mustaqil xulosa chiqarish ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, o‘qish faoliyatiga oid topshiriqlar orqali harflar, bo‘g‘inlar va so‘zlarni tanish, o‘qish jarayoniga qiziqishni oshirish hamda o‘quvchilarning mustaqil ishlash ko‘nikmalarini mustahkamlashga yo‘naltirilgan ishlar olib borildi. Korreksion mashg‘ulotlarning asosiy tamoyili – har bir bolaning individual imkoniyatlarini hisobga olish, uning kuchli tomonlarini qo‘llab-quvvatlash, kichik yutuqlarini rag‘batlantirish va rivojlanish uchun qulay ta’limiy muhit yaratishdir. Zero, har bir bolaning rivojlanish sur’ati o‘ziga xos. Muhimi, unga ishonch bildirish, zarur pedagogik yordam ko‘rsatish va yangi marralar sari intilishiga imkon yaratishdir!

;