Koson tumanidagi 77-maktabda inklyuziv taʼlim Har bir bola, jismoniy imkoniyatidan qatʼi nazar, sifatli bilim olish va tengdoshlari bilan birga ulgʻayish huquqiga ega. Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi 77-umumtaʼlim maktabida alohida ehtiyojlari boʻlgan bolajonlarni jamiyatga moslashtirish uchun muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Maktabda tashkil etilgan inklyuziv taʼlim yoʻnalishi doirasida dastlab bolalarning binoga erkin kirib-chiqishi va harakatlanishi uchun maxsus yoʻlaklar, yaʼni panduslar va boshqa zarur qulayliklar yaratildi. Shuningdek, har bir oʻquvchining jismoniy va psixologik holatidan kelib chiqib, ular uchun alohida maxsus dars va mashgʻulotlar rejalari ishlab chiqildi. Inklyuziv sinflarda tajribali pedagoglar va maxsus pedagog, yordamchi assistentlar faoliyat yuritib, bolalarga ham bilim olishda, ham doʻstlashishda yaqindan koʻmak bermoqdalar. Shu bilan birga, maktab psixologi va defektologlar bolalar hamda ularning ota-onalari bilan muntazam suhbatlar va davolovchi mashgʻulotlar oʻtkazib kelmoqda. Eng quvonarlisi, maktabda oʻquvchilar oʻrtasida goʻzal ahillik, mehr-oqibat va doʻstlik muhiti shakllangan, buning natijasida alohida ehtiyojlari boʻlgan bolajonlarimiz oʻzlarini aslo yolgʻiz his qilmayaptilar. Maktabning bosh maqsadi - taʼlim hamma uchun teng, hech bir bolani taʼlimdan va mehrdan chetda qoldirmaslik lozim. Mazkur videorolikda Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi 77 – maktabda inklyuziv taʼlim yoʻnalishida va umuman maktab hayoti haqida soʻz boradi