Joriy yilning 20-fevral kuni Qibray tumani hududida joylashgan 4-son umumta’lim maktabida tashkil etilgan 1-“A” inklyuziv sinfda alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan o‘quvchi — Bahtiyorov Bahodir Doniyor o‘g‘li bilan amaliy mashg‘ulot o‘tkazildi. Mazkur o‘quvchiga autizm spektri buzilishlari tashxisi qo‘yilgan bo‘lib, u bilan ishlash jarayonida individual yondashuv asosida ta’lim-tarbiya ishlari olib borilmoqda. Mashg‘ulot maxsus pedagog Rahimova Iqbol Shuhrat qizi tomonidan tashkil etildi va olib borildi. Mashg‘ulot mavzusi “Yozma diktant, mayda qo‘l motorikasini rivojlantirish hamda didaktik o‘yinlar”ga bag‘ishlandi. Mashg‘ulotning asosiy maqsadi o‘quvchining yozuv ko‘nikmalarini rivojlantirish, qo‘l barmoqlari harakatini faollashtirish, diqqatini jamlash hamda o‘quv jarayoniga qiziqishini oshirishdan iborat bo‘ldi. Dars davomida turli metod va usullardan foydalanildi. Xususan, yozma diktant orqali o‘quvchining eshitish va yozish ko‘nikmalari mustahkamlandi, mayda qo‘l motorikasini rivojlantirish uchun maxsus mashqlar, rangli materiallar va qo‘l harakatlarini faollashtiruvchi topshiriqlar berildi. Shuningdek, o‘quvchining qiziqishini oshirish hamda o‘rganish jarayonini yengillashtirish maqsadida turli didaktik o‘yinlardan foydalanildi. Bunday yondashuv o‘quvchining faol ishtirok etishiga, topshiriqlarni qiziqish bilan bajarishiga va ijobiy natijalarga erishishga yordam berdi. Mazkur mashg‘ulot jarayonini O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi metodisti Sh. Axmedova kuzatib bordi. Mutaxassis mashg‘ulot davomida qo‘llanilgan metodlar, pedagogik yondashuv va o‘quvchi bilan ishlash usullariga alohida e’tibor qaratdi. Mashg‘ulotga tumandagi inklyuziv sinflar faoliyat yuritayotgan umumta’lim maktablaridan jami 15 nafar maxsus pedagog ham taklif etildi va ular jarayonda faol ishtirok etdilar. Bu esa tajriba almashish, metodik jihatdan yangi yondashuvlarni o‘rganish hamda inklyuziv ta’lim jarayonini yanada samarali tashkil etish uchun muhim imkoniyat yaratdi. Mashg‘ulot yakunida muhokama va tahlil jarayoni o‘tkazildi. Unda o‘qituvchi tomonidan qo‘yilgan maqsad va vazifalarning qay darajada amalga oshirilgani, darsning samaradorligi, qo‘llanilgan metodlarning to‘g‘riligi hamda o‘quvchi faoliyatidagi ijobiy o‘zgarishlar atroflicha muhokama qilindi. Maxsus pedagoglar tomonidan mashg‘ulot davomida kuzatilgan yutuqlar va ayrim kamchiliklar tahlil qilinib, o‘z fikr va mulohazalari bildirildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda kelgusida mashg‘ulotlarni yanada takomillashtirish yuzasidan tashxis markazi metodisti tomonidan zarur metodik tavsiyalar berildi. Shu bilan birga, pedagoglarga amaliy yordam ko‘rsatildi va inklyuziv ta’lim jarayonida samarali bo‘lgan usullar haqida qo‘shimcha tushuntirishlar berildi. Tadbir doirasida yana bir muhim faoliyat — ota-onalar bilan uchrashuv ham tashkil etildi. 1-sinf o‘quvchilarining 25 nafar ota-onalari ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Ushbu suhbat davomida inklyuziv ta’limning mazmuni, uning ahamiyati va jamiyatdagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, “Inklyuziv ta’lim tushunchasi”, “Inklyuziv ta’limning huquqiy-normativ hujjatlari” hamda bugungi kunda O‘zbekistonda inklyuziv ta’limni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida tushuntirishlar berildi. Ota-onalar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil va tushunarli javoblar qaytarildi. Bu esa ota-onalarning inklyuziv ta’limga bo‘lgan tushunchasi va ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.