Video galleria

Surxondaryo viloyatidagi 5-umumta’lim maktabida “Ishonch–2030” loyihasi doirasida alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan o‘quvchilar uchun zamonaviy, xavfsiz va qulay ta’lim muhiti yaratildi

Surxondaryo viloyatidagi 5-umumta’lim maktabida “Ishonch–2030” loyihasi doirasida alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan o‘quvchilar uchun zamonaviy, xavfsiz va qulay ta’lim muhiti yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Mazkur loyiha inklyuziv ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish, har bir bolaning ta’lim olish huquqini ta’minlash hamda ularning jamiyatga muvaffaqiyatli integratsiyasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Belgilangan talablarga muvofiq, maktablarda maxsus jihozlangan sinf xonalari tashkil etildi. Ushbu xonalar zamonaviy didaktik materiallar, rivojlantiruvchi o‘yinlar, ko‘rgazmali vositalar, sensor rivojlantirish jihozlari hamda individual yondashuv asosida ishlash imkonini beruvchi metodik resurslar bilan ta’minlandi. Ta’lim jarayonida bolalarning psixofiziologik xususiyatlari inobatga olinib, o‘quv muhiti moslashtirildi. Shu bilan birga, maktab infratuzilmasida ham qulayliklar yaratildi. Harakatlanishda qiynaladigan o‘quvchilar uchun panduslar va moslashtirilgan kirish yo‘laklari, qulay sanitariya xonalari tashkil etildi. Bu esa barcha o‘quvchilar uchun teng imkoniyat yaratishga xizmat qilmoqda. Loyiha doirasida psixologik-pedagogik qo‘llab-quvvatlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Maxsus pedagoglar, maktab psixologlari va sinf rahbarlari hamkorligida har bir o‘quvchi uchun individual rivojlanish yo‘nalishlari belgilab olinmoqda. Ota-onalar bilan muntazam muloqot olib borilib, farzandlarning rivojlanish dinamikasi tahlil qilinmoqda. Bu esa ta’lim jarayonining samaradorligini oshirishga yordam bermoqda. Ma’lumot uchun, hozirgi kunda viloyatda 162 ta maktabda inklyuziv sinflar tashkil etilgan bo‘lib, ularda 267 nafar o‘quvchi qamrab olingan. Bu ko‘rsatkichlar hududda inklyuziv ta’limni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganidan dalolat beradi. Videolavhada Termiz tumanidagi 5-maktabda amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilgan shart-sharoitlar hamda o‘quv jarayonidan lavhalar aks etgan. Unda o‘quvchilarning dars jarayonidagi ishtiroki, maxsus pedagoglarning individual ishlash usullari va qulay muhitning ta’lim sifatiga ijobiy ta’siri yaqqol namoyon bo‘ladi. “Ishonch–2030” loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan mazkur tashabbuslar alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalarning o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi, tengdoshlar bilan bir muhitda bilim olishi hamda kelajakda mustaqil hayotga tayyorlanishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

;