Sirdaryo viloyati, Xovos tumanidagi 9-son umumta’lim maktabida inklyuziv ta’limni rivojlantirish yo‘nalishida muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur maktabda inklyuziv sinflar tashkil etilgan bo‘lib, ta’lim jarayoni har bir o‘quvchining individual ehtiyojlari, qobiliyati va rivojlanish darajasini hisobga olgan holda tashkil qilinmoqda. Dars mashg‘ulotlari individual yondashuv asosida olib borilib, o‘quvchilarning bilim olish jarayonida faol ishtirok etishi, o‘z imkoniyatlarini to‘liq namoyon etishi va tengdoshlari bilan birgalikda ta’lim olishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Inklyuziv sinflarda o‘quv jarayoni zamonaviy pedagogik metodlar, ko‘rgazmali vositalar hamda moslashtirilgan o‘quv materiallari asosida tashkil etiladi. O‘qituvchilar va mutaxassislar tomonidan o‘quvchilarning psixologik holati, bilim darajasi va individual rivojlanish xususiyatlari doimiy ravishda kuzatib boriladi. Bu esa o‘quvchilarning bilimlarni osonroq o‘zlashtirishi, ijtimoiy muhitga moslashuvi va o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shuningdek, inklyuziv ta’lim jarayonida o‘qituvchilar, maxsus pedagoglar, psixologlar hamda ota-onalar o‘rtasida hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu o‘quvchilarning rivojlanishiga kompleks yondashuvni ta’minlaydi. Bunday yondashuv har bir bolaning ta’lim olish huquqini ta’minlash, ularning jamiyatda faol va mustaqil shaxs sifatida shakllanishiga xizmat qiladi. Ma’lumot o‘rnida: Sirdaryo viloyatida faoliyat yuritayotgan 313 ta umumta’lim maktabining 78 tasida inklyuziv sinflar tashkil etilgan. Hozirgi kunda viloyat bo‘yicha jami 133 ta inklyuziv sinf faoliyat yuritib, ularda 158 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Bu ko‘rsatkichlar viloyatda inklyuziv ta’limni bosqichma-bosqich rivojlantirish, barcha bolalar uchun teng ta’lim imkoniyatlarini yaratish va ularni jamiyat hayotiga faol jalb etish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarning muhim natijasidir.