Yangiliklar

Gender tenglik: hali muammo ko‘p

Aslida, erkag-u, ayol, o‘g‘il yoki qiz teng huquqli fuqaro, deya e’tirof etiladi. Ya’ni, inson huquqi konstitutsiyada aniq belgilab qo‘yiladi. Hech kim huquqiy tomondan kamsitilmaydi, jamiyatda o‘ziga munosib o‘rin topishga haqli. Baribir, nimagadir, hech bir mamlakat “bizda gender tenglik joyida”, deb maqtana olmaydi, chunki hali hal qilinmagan, yechimini topmagan masala ko‘p. Bunga milliy an’analar, urf-odatlar sababmi, mahalliy udumlar yoki oilaviy qadriyatlarmi? Ayni savolga javob topish uchun mutaxassislar hali ko‘p ishlashi kerak.

 

Sayyoramiz aholisining yarmini ayollar, qizlar tashkil etadi, bu insoniyat salohiyatining yarmi, degani. Shu nuqtai-nazardan gender tenglik insonning eng muhim huquqlaridan biri bo‘lib, jamiyatda tinchlik va hamjihatlikni ta’minlashda, barqaror rivojlanishga asoslangan holda inson salohiyatini boricha amalga oshirishda muhim o‘rin tutadi. Ayollarning jamiyat hayotidagi ishtirokini kengaytirish mehnat mahsuldorligini oshirishi, iqtisodiy o‘sishni ta’minlashi allaqachon isbotlangan.

Shunday bo‘lsa-da, insoniyat ayol va erkak tengligini ularning huquqi va imkoniyatidan kelib chiqqan holda to‘liq ta’minlashi uchun hali ancha ish qilishga to‘g‘ri keladi. Birinchidan, gender zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishaga barham berish kerak, ayollar va qizlar hamda erkaklar va bolalar uchun ta’lim olish, sog‘liqni saqlash, iqtisodiy resurslardan foydalanishda   birdek sharoit yaratilishi lozim. Bundan tashqari ularning siyosiy hayotdagi ishtirokida ham teng imkoniyat yaratilishi zarur. Bu xotin-qizlarning ish topishi, rahbarlik lavozimiga tayinlanishi masalasiga ham tegishli.

«Gender tenglikka erishish, ayol va qizlar huquqi, imkoniyatini kengaytirish hozir yakuniga yetkazilmagan vazifa bo‘lib qolmoqda va ayni muammo bugungi kunda inson huquqlari sohasidagi ulkan muammo hioblanadi», — deydi BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.

Darvoqe, mazkur masala bilan eng ko‘p shug‘ullanayotgan xalqaro tuzilma, shubhasiz - BMT.

Tashkilot Nizomining 1-bandida inson huquqi va asosiy erkinligini uning irqi, jinsi, tili va diniy mansubligiga qaramasdan, hurmat qilish va rag‘batlantirish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni amalga oshirish zarurligi aks etgan.

BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashi faoliyat boshlagan yildayoq Ayollar holati bo‘yicha komissiya ta’sis etilgan. Mazkur komissiya faqat gender tenglik va ayollar ahvolini yaxshilash masalasi bilan shug‘ullanadigan global idoraga aylandi.

Ayollar va inson huquqi

Inson huquqi umumjahon deklaratsiyasida гендер tenglik xalqaro huquqning inson huquqi sohasidagi muhimқисми hisoblanadi. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1948 yil 10 dekabrda qabul qilingan ushbu hujjatda «barcha insonlar o‘z qadr-qimmati, huquqi bilan erkin va teng holda dunyoga keladi», deyilgan.

O‘tgan asrning 70-yillarda ko‘pgina mamlakatlarda xalqaro feministlar harakati kuchaya boshlagani sababli BMT Bosh Assambleyasi 1975 yilni Xalqaro ayollar yili sifatida e’lon qildi va Mexiko shahrida ilk bor ayollar ahvoli bo‘yicha Butunjahon konferensiyasini tashkil etdi. Konferensiya tavsiyasiga ko‘ra, 1976-1985 yillar BMTning ayollar o‘n yilligi etib belgilandi va o‘n yillik vazifalarini amalga oshirish uchun ixtiyoriy badal Fondi ta’sis etildi.

1979 yil Bosh Assambleya Ayollarga nisbatan kamsitishning har qanday ko‘rinishiga barham berish bo‘yicha Konvensiya qabul qildi. 30 banddan iborat Konvensiyada ayollarga nisbatan kamsitish, deganda nimalar tushunilishiga aniqlik kiritildi va kun tartibida bunday kamsitishga barham berish bo‘yicha milliy darajada sa’y-harakatni amalga oshirish taklif etildi. Shuningdek, madaniyat, an’analar oilaga va gender tenglikni taminlashga ta’sir o‘tkazuvchi kuch ekani qayd etilgan mazkur hujjat ayollar reproduktiv huquqini tasdiqlovchi inson huquqi sohasidagi birinchi shartnoma hisoblanadi.

Mexikoda konferensiyasidan besh yil o‘tgach, ayollar ahvoli bo‘yicha ikkinchi Butunjahon konferensiyasi tashkil etildi. Konferensiya bo‘yicha qabul qilingan Harakatlar dasturida ayollarning mulkka egaligi va tasarrufi, meros, bolalarga vasiylik, fuqaroligini yo‘qotganlikka oid huquqni ta’minlashda milliy darajada keskin choralar ko‘rishga chaqirilgan.

Ayollar ahvoli bo‘yicha komissiya

Ha, BMT tuzilmasida shunday komissiya faoliyat yuritadi. Ayollar ahvoli bo‘yicha tashkil etilgan mazkur tuzilma gender tenglikni va ayollar huquqi, imkoniyatini ilgari surish bo‘yicha global darajadagi hukumatlararo organ hisoblanadi. Tashkilot barcha mamlakatlarda xotin-qizlar ahvolini baholab borish, gender tenglik hamda ayollar huquqi va imkoniyatini kengaytirish masalasi bo‘yicha global standartni shakllantirish bilan shug‘ullanadi.

2010 yil 2 iyulda BMT Bosh Assambleyasida bir ovozdan yagona tuzilma tashkil etildi. Ushbu tuzilma Tashkilotning gender tenglik va xotin-qizlar huquqi, imkoniyatini kengaytirishga tegishli maqsadlarini amalga oshirishni jadallashtirishga qaratilgan.

Xotin-qizlar huquqini ta’minlash, imkoniyatini oshirish masalasida xalqaro miqyosda butun dunyoda, jumladan, BMT doirasida  amalga oshirilayotgan  sa’y-harakatlarga qaramay, ko‘plab mamlakatlarda xotin-qizlar huquqini ta’minlash masalasi hamon dolzarbligicha qolmoqda. Shu bois mamlakatlardan ayni masalada milliy qonunchilikka tegishli o‘zgarish kiritish talab qilinmoqda. 

Taassufki, gender tengsizlik iqtisodiy sohada ham, siyosiy sohada ham saqlanib qolgan. Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, yillar davomida mehnat bozorida ijobiy o‘zgarish amalga oshirilganiga qaramay, hali ham xotin-qizlar erkaklarga nisbatan o‘rtacha 24 foiz kam haq olar ekan. 1995 yil parlamentda ayollar ulushi o‘rtacha 11,3 foizni tashkil etgan, 2015 yilga kelib ushbu ko‘rsatkich, atigi, 25 foizga yetgan. O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich keyingi yillarda 32 foizga ko‘tarildi.

 Bizda ahvol qanday?

Qayd etish joiz, O‘zbekistonda gender tenglikni ta’minlash va ayollar huquqi, imkoniyatini oshirish masalasida qator qonun hujjatlari qabul qilingan. Prezidentning xotin-qizlar huquqini ta’minlash, xususan, gender tenglik va ayollarni zo‘ravonlik va zulmdan himoya qilish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqomini kuchaytirish to‘g‘risidagi farmon va qarorlari mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlashga qaratilgan muhim hujjatlardir. Bosh qomusimizga ayollar va erkaklar teng huquqqa egaligi haqida alohida modda kiritilgan, xotin-qizlarga ta’lim olish, kasbiy tayyorlanish, ish, mehnat uchun rag‘batlanish va xizmat yuzasidan ko‘tarilishda teng huquqiy imkoniyat yaratilishi shartligi ko‘rsatilgan.

Yuqoridagi hujjatlardan kelib chiqib aytish mumkinki, mamlakatimizda гендер tenglikni ta’minlash, ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi rolini oshirish bo‘yicha so‘nggi yillarda bir necha yo‘nalishda faol ish olib borilmoqda. Ayollar huquqi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari hamda    ayollarni himoya qilishning institutsional asosini takomillashtirish,  aholining gender tenglik va ayollar huquqi to‘g‘risida xabardorligini oshirish, huquqni qo‘llash amaliyotida qoidalarga rioya etilishini ta’minlash uchun mas’ul mansabdor shaxslarni tegishli huquqiy me’yor asosida o‘qitish shular jumlasidan.

So‘nggi yillarda gender tenglikni joriy qilish nuqtai nazaridan ta’lim sohasida ham ijobiy siljish kuzatilmoqda. Xususan, 2017 yildan boshlab aksariyat oliy o‘quv yurtlarida turli mutaxassisliklar bo‘yicha sirtqi bo‘limlar faoliyati tiklandi. Ta’limning ushbu shakli yosh ayollarga fazandini parvarish qilish va boshqa oilaviy majburiyatlarni bajarish bilan bir vaqtda oliy ma’lumot olish imkonini ham beradi.

Ma’lumki, O‘zbekistonda 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilingan. Ushbu hujjatda 2030 yilgacha barcha xotin-qizlarga nisbatan kamsitishning har qanday shakliga barham berish, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotda qaror qabul qilish bilan bog‘liq barcha darajalarda ayollar to‘liq va samarali ishtirok etishi va yetakchilik qilishi uchun teng imkoniyat yaratiladi. Bunda turli darajalarda Davlat dasturlari qabul qilinishi jarayonida gender tenglik tamoyiliga amal qilinishi masalasi ham e’tibordan chetda qolmagan.

Xulosa

Dunyodagi har bir xalq o‘z tarixiy an’anasi, urf-odati, ma’naviy qadriyatiga suyanib yashaydi. Bunday tushunchalar turmush kechirish jarayonida hisobga olinadi, albatta. Zero, jamiyatning hayot kechirishi, taraqqiyotga intilishi, yuksalishi shundan kuch oladi. Har tomonlama farovon hayotga erishishni maqsad qilgan jamiyat o‘z a’zolarining irqi, jinsi, tili va diniy mansubligiga qaramay, huquqiy tengligini ham to‘la-to‘kis ta’minlashi o‘ta muhim masala ekanini unutmasligi lozim.   

;