Yangiliklar

Giperaktiv bolalar bilan ishlashda psixologning roli qanday?

Giperaktiv   bolalar  bilan  mashgʻulotlarni  tashkil  qilishda  psixolog maxsus  ishlab  chiqilgan  korreksion-rivojlantiruvchi  dasturni  qoʻllashi mumkin. Giperaktiv  bolalarga  yordam  berishda  ularning  ota-onalari  va oʻqituvchilari  bilan  ish  olib  borish  hal  qiluvchi  ahamiyatga  ega.

        Kattalarga  bolaning  muammolarini  tushuntirish  zarur,  uning qiliqlari  ataylab  qilinmasligini  anglatish,  ularning  yordam  va qoʻllab-quvvatlashisiz  bunday  bola  oʻzidagi  bor  qiyinchiliklarni  yengib  oʻta olmasligini  koʻrsata  olish  kerak.

       Psixolog  giperaktiv  bolalarning  ota-onalariga  tarbiyaviy  taʼsir etishning  aniq  usullariga  amal  qilishlarini  tushuntirishi  kerak. Ular shuni  esda  tutishlari  lozimki,  bolani  holatining  yaxshilanishi  “unga boʻlgan  muloyim,  xotirjam  va  izchil  munosabatga  bogʻliqdir”.

       Bunday  bolalarni  tarbiyalashda  ota-ona  ikkita  keskinlikka  yoʻl qoʻymasliklari  kerak:   haddan  ziyod  rahm  - shafqat  koʻrsatish  va  bir tomonidan  esa  uning  oldiga  u  bajara  olmaydigan  ortiqcha  aniqlik, shafqatsizlik  va  jazolar  bilan  uygʻunlashgan  katta  talablarni qoʻymaslik.

   Psixolog  olimlardan  M. Rotterning  koʻrsatishicha,  bunday  bolalar maktabga  chiqqach  jiddiy  qiyinchiliklarga  duch  keladilar. Chunki  oʻqish faoliyati  diqqat  funksiyasi  rivojlanishiga  yuqori  talablarni  qoʻyadi. Shuning  uchun  ham  DEGS  bolalar  maktab  talablarini  bajara olmaydilar.

       Qoida  boʻyicha  oʻsmirlik  yoshida  bunday  bolalarda  diqqatning nuqsonlari  saqlanib  qoladi,  lekin   giperaktivlik  yoʻqoladi  va  koʻpincha faollikning  susayishi,  psixik  faoliyatning  inertligi  va  istakning yetishmasligi  bilan  almashadi.

     Maktab  taʼlimidagi  muammolardan  yana biri  va  past  oʻzlashtirishga  sabab  boʻluvchi  omil  bu  chapaqaylikdir.  Chapaqaylik  tarbiyachilar, ota-onalar  va  bolaning  oʻzi  uchun  ham  katta  muammo  hisoblanadi. Barchaga yaxshi  maʼlumki, chap  qoʻlning  oʻng  qoʻldan  ustunligi  tugʻma  xususiyatga egadir.  Yaqin  vaqtgacha  chapaqay  bolalarning  psixik  xususiyati  taraqqiyoti ular  miyasining  rivojlanashidan  alohida  holatda  koʻrilgan. Biroq,  miya va  psixika  aʼzo  va  uning  funksiyasi  sifatida  oʻzaro  bogʻlangandir. Chapaqaylik – bolaning  zaruriy  individual  xususiyati  boʻlib,  uni  taʼlim jarayonida  hisobga  olish  shart.

        Oʻquv  taʼlim jarayonini aʼnanaviy ravishda verbal va mantiqiy tafakkur  taraqqiyotiga, chap  miya  yarim  sharlari  rivojlanishiga asoslanadi.  Bunday  holat  esa  chapaqay  bolalarning  taʼlim  jarayoniga muvaffaqiyatli  moslashuvini  qiyinlashtiradi.

        Chap  yoki oʻng qoʻlning ustunlik qilishi bolaning istagi yoki erkaligi  emas, balki miyaning oʻng va chap yarim sharlari oʻrtasida vazifalarning oʻziga hos taqsimlanishidir. Nima uchun chap qoʻl ustunligi kelib chiqadi?  Nimaning  oqibatida chapaqaylik  paydo boʻladi?. Biz odatda miya haqida bir butun aʼzo kabi fikr  yuritamiz, lekin uning birligi ikkala miya yarim sharlarining faoliyatidan tashkil topadi. Ularning oʻrtasida qatʼiy  farq  boʻlib,  miyaning  funksional  munosabatlarida  ikkala  yarim  sharlarning ulushi  bir  xil  emas. Bundan  tashqari  ulardan  biri  ustunlik  qiladi.

       Namoyon  boʻlish  xarakteriga  koʻra  funksional  assimetriyaning  uchta turini  ajratish  mumkin: motor  (umumiy  harakat  xulq - atvori shakllanishida  tananing  chap  va  oʻng  qismi  qoʻl,  oyoq  va  yuzning  notekis ishtiroki). Sensor  (juft  sezgi  organlarining  funksional  notekisligi va  psixik  nutqning  tashkil  topishi  va  boshqa  oliy  psixik  jarayonlar).

Taxminan  70 %  chapaqay  bolalarning  nutq  markazlari  chap  miya  yarim sharlarida,  30 % da  esa  oʻng  miya  yarim  sharlarida  joylashgandir. 

      Qoʻl – odam harakat faolligining yarim funksional aʼzosidir. Shuning uchun ham qoʻlning imo-ishora aʼzosi sifatida rivojlanishi chap qoʻlning nutq markazini tashkil topishida yetakchiligidan dalolat beradi. Qoʻl asimmetriyasi tushunchasi koʻp boʻlib, ulardan keng tarqalganlari: oʻng qoʻllik, chapaqaylik va ambidekstriya (ikki qoʻllik). Chapaqaylikni  namoyon boʻlishi  asosidagi  omillarni  koʻrsatar  ekanlar, olimlar  patologik, irsiy, va  majburiy  chapaqaylikni  ajratadilar.  Biroq  koʻpchilik  olimlar chapaqaylikni  “tabiiy” irsiy  ekanligini  taʼkidlaydilar.

       Ikkala miya yarim sharlari ham soʻzlarni, obrazlarni idrok qilishga va qayta ishlashga qodir, biroq bu jarayon ularda turlicha kechadi.

       Chap  miya  yarim  shari.  Verbal,  mantiqiy,  “fikriy”  (mushohada). Miyadan  kelayotgan  axborotlarni  ketma-ket,  tahliliy  ravishda  qayta ishlaydi. Vazifalarni  yechishda  unga  induksiya  tamoyiliga  muvofiq tahliliy  yondashuv  xos  (xususiydan umumiyga).

       Oʻng miya yarim shari.  Noverbal,  obrazli, koʻruv. Signallarni  bir vaqtda va butun  holda  qayta  ishlaydi.  Obyektlarni  bir  nechta  fikriy tekislikda  koʻrish  imkonini  beradi. Unga  deduksiya  tamoyiliga  muvofiq sintez  xosdir  (umumiydan xususiyga). Qoidaga  muvofiq,  oʻng  qoʻli yetakchilik  qiluvchilarda  verbal  maʼlumotlarni  qayta  ishlashga ixtisoslashgan  chap  miya  yarim  sharlari  ustunlik  qiladi. Ularning 95 % da  nutq  markazi  chap  miya  yarim  sharlarida  joylashgan.

    Chapaqaylarning  miya  funksiyasi  lateralizatsiyasining  oʻziga  xosligi ularning  bilish  jarayonlariga  taʼsir  qiladi,  ularga  quyidagilar taalluqli: maʼlumotlarni  tahlil  qilish  usuli,  materialni  qismlarga boʻlib  ishlash; noverbal  stimullarga  nisbatan  verballarini  yaxshiroq anglash; koʻruv- fazoviy  topshiriqlarni  bajarish  imkoniyatining  pastligi (Bezrukix M.M., Knyazeva M.G., 1994; Mikadze Yu.V., Korsakova N.K., 1994).

     Yaqin  kunlargacha  chapaqay  bolalarni  oʻng  qoʻlda  yozishga  oʻrgatish majburiy  ravishda  amalga  oshirilgan. Biroq,  hozirgi  kunda  ham  bunday holatlar  uchramoqda.  Ayniqsa  ota-onalarning  chapaqay  farzandlarini taʼlim  jarayonida   oʻng  qoʻlini  ishlatishga  majbur  qilishlari  va oʻqituvchilarni  ham  bunga  undashlari  bolalarning  psixik  salomatligida jiddiy  muammolarni  keltirib  chiqarmoqda. Koʻplab  maʼlumotlarga  koʻra, nevrotik  holatlar  va  nevrozlar  oʻng  qoʻl  ustunlik  qiluvchi  bolalarga nisbatan  chapaqaylarda  koʻproq  uchramoqda. Chunki, chapaqay  bolalarni majburlab  (turli  xil  jazo  choralarini  qoʻllash  orqali)  oʻng  qoʻlga oʻrgatish  nevroz  rivojlanishining  sababidir. Oʻng  qoʻlga  qayta  oʻrgatish lateralizatsiyaning  tabiiy  paydo  boʻlgan  individual  yoʻnalishini sinishiga  olib  keladi,  bu  esa  kuchli  stressogen  omil  boʻlib  chiqadi.

     Shunday  qilib, chapaqay  bolalarni  oʻng  qoʻlga  oʻtkazish  umuman  yoʻl qoʻyib  boʻlmaydigan  holatdir.

     Chapaqay  bolalarning  faoliyatida  bilish  jarayonlari  sohasida quyidagilar  namoyon  boʻlishi  mumkin:

  1. Koʻruv-harakat  koordinatsiyasi  qobiliyati  pastligi: bolalar  grafik tasvirlarni  koʻchirib  chizish  bilan  bogʻliq  topshiriqni  ayniqsa ketma-ketlikda  bajarishda  qiynaladilar; yozuvda,  oʻqishda  qatorni ushlab  tura  olmaydilar; yozuvlari  yomon.
  2. Fazoviy  idrok  va  koʻruv  xotirasidagi  yetishmovchiliklar, fazoviy muvofiqlikni  tahlil  qilishdagi  qiyinchiliklar: chapaqaylarda koʻpincha  grafik  tasvirlashda  shakllarning  shakli  va proporsiyasining  buzilishi  koʻrinadi; yozuv  oynavandligi; yozuvda harflarni  tushirib  qoldirish  va  oʻrnini  almashtirish; optik xatolar, shakliga  koʻra  oʻxshash  harflarni  chalkashtirish. Masalan, t ni p ga, m ni l ga, n ni k ga va i ni n ga; predmetlarni  fazoviy joylashishini  aniqlashda  chap  va  oʻngni, ostida- ustida, oldida-orqasida  kabilarni  adashtirish.
  3. Maʼlumotlarni  qayta  ishlashning  oʻzgacha  strategiyasi,  anglashning tahliliy  uslubi:   chapaqaylarga  materialni  qismlarga  boʻlib ishlash  xos  boʻlib, bunday  tahlil  natijasida  faoliyat  obyekti haqida  butun  tasavvur  hosil  boʻladi. Bu  bilan  chapaqaylarning suskashtligi  ifodalanadi, toʻliq  idrok  va  tushinish  uchun  ularga materialni  bosqichma- bosqich  uzoq  qayta  ishlash  zarur  boʻladi.
  4. Diqqatning  zaifligi,  diqqatni  koʻchirish  va  toʻplashdagi qiyinchiliklar.
  5. Nutqiy  buzilishlar: harflarni  tahlil  qilishdagi  xatolar.

Koʻrsatib  oʻtilgan  oʻziga  xosliklar  bevosita  oʻquv  malakalarini egallashdagi  samaradorlikka  taʼsir  qiladi. Chapaqay  bolalarning yana  bir  oʻziga  xosliklari, bu  ularning  emotsional  taʼsirchanligi, xavotirchanligi,  arazchiligi,  asabiyligi,  shuningdek,  ishchanlik qobiliyatining  pastligi  va  tez  charchashdir. Bu  nafaqat  miya  yarim sharlari  assimetriyasi  oqibati, balki  ularni  oʻng  qoʻlga  oʻtishga majburlash  natijasi  hamdir. Bundan  tashqari, 20 % chapaqay  bolalar  anamnezida  homiladorlik  va  tugʻruqda  qiyinchiliklar  qayd etiladi  (baʼzi  maʼlumotlarga  koʻra  tugʻruqdagi  jarohat  chapaqaylik sabablaridan  biri  boʻlishi  mumkin,  chunki,  jarohatlangan  chap  miya yarim  sharlarining   funksiyasini  bajarishni  oʻng  miya  yarim sharlari oʻz zimmasiga oladi).

       Chapaqay  bolalarning  emotsional  taʼsirchanligi  maktabga moslashishni  qiyinlashtiruvchi  omildir. Uni  maktab  hayotiga  kirishi  boshqalarga  nisbatan  sekinroq  va  ogʻriqliroq  kechadi. Shuning  uchun  ham  chapaqay  bolalar  doimo  oʻqituvchi, psixolog  va ota-onalarning  alohida  eʼtiborida  boʻlishi  kerak.

        Shunday  qilib, chapaqay  bolalar  maktabda  koʻpgina  muammolarga  duch  kelishlari  mumkin.  Ayniqsa, maktabgacha  boʻlgan davrda  va  kichik  maktab yoshida  ularning  toʻlaqonli  psixix  taraqqiyotiga  yetarlicha  zaruriy eʼtibor  qaratilmasa,  oʻquv  faoliyatini  egallashda  jiddiy  muammolarga  olib keladi.

 

;