Yangiliklar

O’yin bu bolalarning o’zlari va o’zgartirishlari lozim bo’lgan dunyoni anglash yo’lidir.

Harakatli o’yinlar bolalar va o’smirlarni tarbiyalashda eng muhim va amaliy vositalardan biri bo’lib hisoblanadi.  Harakatli o’yinlar turli xarakterdagi to’siqlarni yengish hamda har xil xislat va qobiliyatlarni ko’rsatish bilan bog’liq bo’lgan jismoniy mashqlarning turli kompleksini o’z ichiga oladi. Bundan tashqari, odatda bolalarga quvonch baxsh etadigan musobaqa momentlari ham harakatli o’yinlar jumlasiga kiradi. Ma’lumki, maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalarning o’yinlari taqlid qilish xarakteriga ega bo’ladi. Bola tevarak-atrofdagi borliqni kuzatadi, uning elementlarini o’yinga kiritadi va shu o’yin vositasida o’zini qurshab turgan olamni bilib oladi, unda turmush hodisalariga nisbatan muayyan munosabat paydo bo’ladi.  Sog’lom avlodni kamolga yetkazish va tarbiyalashning turli yo’l-yo’riqlari, o’ziga xos usullari mavjud. Bolalarning bo’sh vaqtini to’g’ri tashkil qilish, badan-tarbiyasi va sport bilan shug’ullantirish, turli milliy harakatli o’yinlarni o’rgatish ota-ona va murabbiy oldidagi muhim vazifa hisoblanadi. O’yinlar bolalarning jismoniy barkamol bo’lishi uchungina emas, balki ularni aqliy, ma’naviy va axloqiy jihatdan tarbiyalashda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ko’plashib o’ynaladigan o’yinlarda bolalar maqsadga erishish uchun, farosati va tadbirkorligini, qat’iyatli  jamoat oldida faqat o’zining emas, balki o’rtoqlarining xatti-harakatlari uchun ham javobgarlik hissini seza olishi shakllantirilib boriladi.

   Harakatli o’yinlar, yurish, yugurish, sakrash, irg’itish yoki uloqtirish, tirmashib chiqish kabi mashqlar bola harakatlarini rivojlantirish va takomillashtirishda katta ahamiyatga ega. Harakatlarning shakllanishi bilan birga, jismoniy qobiliyat rivojlanadi, yurak va nafas tizimi faoliyati yaxshilanadi.

Bolalar o’yinlari bolalarni aqliy, ahloqiy, jismoniy va estetik tarbiyalash vositalaridan biridir. Bolalar o’yinlari bolalarning har tomonlama kamol topishiga katta ta’sir qiladi. O’yin vaqtida sezgi, idrok, tafakkur, hayol, xotira, diqqat, iroda, hissiyot va boshqa ruhiy jarayonlar ishtirok etadi. Bolalar o’yinlarining 3 asosiy xususiyati bor:

1-bola o’yin faoliyatini erkin o’z xoxishi bilan bajaradi.

2-mazkur faoliyatning ijodiy va faolligidir.

3-o’yin harakatlarining jo’shqinligi: bola o’yinga qiziqib ketadi, zavqlanadi, unda o’rtoqlik hissi kuchayadi.

Bolalar o’yinlari mazmuniga qarab, o’yinchoqli, voqeaband(syujetli), harakatli va didaktik o’yinlarga bo’linadi.

 

Harakatli o’yinlarni bolalar yakka yoki birgalikda bajaradilar. Bu o’yinlar maktab yoshidagi bolalarga, ayniqsa foydalidir. Bolalar sog’ligini mustahkamlashda, ularni irodali qilib tarbiyalashga yordam beradi. Bolalarning sport o’yinlari ham harakatli o’yinlardandir. Bu o’yinlar bolalarda sezgi, idrok, diqqat, xotira kabi sifatlarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Bolani sog’lom va baquvvat bo’lib o’sishiga imkon beradi.

              Harakatli o’yinlarni tashkil etish va o’tkazish.

Tarbiyachilar, psixologlar harakatli o’yinlarning tashkilotchisi va rahbaridir. Bolalar harakatli o’yinlarini to’g’ri tanlash va bolalar bilan to’g’ri o’tkazish muhim ahamiyatga ega. Harakatli o’yinlarni pedagog bolalarga o’rgatish jarayonida uning mazmuni, vazifalari va qoidalarini tushuntirib beradi. O’yinga ongli munosabatda bo’lish, uni to’g’ri o’rgatish, o’z xatolari va muvaffaqiyatlarini to’g’ri tushunish, harakatlarini o’rtoqlarining harakatlariga taqqoslab tahlil qilish imkonini beradi. Murabbiy o’rgatadigan va bolalar tushunib qiladigan harakatlar ularda tashkilotchilik ko’nikmalarini tarbiyalashga yordam beradi. O’yinlarni o’tkazish bolalarning yoshiga, ularni bajarishiga qurbi yetadigan bo’lishi shart. O’yinda faol ishtirok etishlari uchun ularni rag’batlantirib turish lozim. O’yinlar juda oson yoki haddan tashqari qiyin o’yinlar han=m qiziqarli o’tmaydi. Ularni zeriktiradi. Pedagog o’yinlarni avval osonlaridan boshlab, sekin qiyinlariga o’tishi lozim. Guruhlarga bo’lmasdan o’ynaladigan o’yinlar oddiy o’yinlar hisoblanadi. Bu o’yinlarni o’ynash oson. Guruhlarga bo’linib o’ynaladigan o’yinlar sal murakkab va juda murakkab o’yinlardir.

Pedagog hamma vaqt yengil o’yinlardan, murakkab o’yinlarga, tanish o’yinlardan, notanish o’yinlarga o’tishni bilishi kerak. Shunda bolalar o’yinlarga qiziqadilar. Pedagog o’yinlarni tekshirib borishi, o’yindagi kamchilkilar va xatolarni aniqlash va ularni o’z vaqtida to’g’rilash kerak bo’ladi.

Harakatli o’yinlarni bolalar yoshiga mos holda o’tkazish.

3 yashar bolalarning harakatlari ma’lum darajada cheklangan bo’lib, ularning diqqati chalg’ib turadi. Shuning uchun bolalarga oddiy va ular oson tushunadigan o’yinlarni o’rgatish lozim. Mazmuni bolalarga tanish bo’lgan va harakatlarga singdirib yuborilgan o’yinlarni kichkintoylar qiziqib o’ynaydilar. Bu esa kichkintoylarning harakat qobiliyatini rivojlantirish, ularni ochiq joyda to’g’ri yurishga o’rgatishda katta ahamiyatga ega bo’ladi, faollik va mustqaillikni tarbiyalashga yordam beradi.

4 yoshli bolalar bilan o’ynaladigan o’yinlarning mazmuni va harakatlari ham murakkablashadi. O’yinlarda bolalarga buyumlarni topish, shaklini eslab qolish bilan bog’liq bo’lgan topshiriqlar, ranglarni ajratish, tovushlarni farqlash kabi topshiriqlar berishni boshlash bilan ularni  murakkab o’yinlarni o’ynashga bo’lgan qiziqishlari oshishga erishish mumkin. Bu yoshdagi bolalar o’zlariga yuklatilgan vazifani tushunadigan bo’ladilar.

5 yoshdagi bolalalrning harakatli o’yinlari mazmunan rang-barang, atrof tevarakda, hayotda uchraydigan voqealar to’g’risida ularning tasavvuri va bilimi oshib borishi bilan bog’liq bo’ladi.

6 yoshli bolalarning bilim doirasi kengayib boradi, harakatli o’yinlarning mazmuni ham shunga moslashib murakkablashadi. O’yin qoidalari murakkablashib borishi tufayli ularni bajarishda aniqlik, diqqat-e’tibor, sabr-toqatga o’rgatish, ortiqcha harakatlarni cheklash talab etiladi. Harakatli o’yinlarda ishtirok etish uchun bolalarni guruhlarga bo’lish kerak. Bunda ko’pincha o’g’il bolalar o’g’il bolalar bilan, qizlar faqat qiz bolalar bilan guruhlashishga intiladilar. Bu o’yinning borishiga va natijasiga ta’sir etadi.

Pedagog kuchliroq bolalarni nimjonroq bolalar bilan, o’g’il bollarni qizlar bilan guruh-guruh qilishi maqsadga muvofiqdir.

1.”Semir pufak” o’yini. 3 yoshli bolalar uchun.

            2. “Koptokni quvib yet”o’yini.

                    3. “Kim sekinroq” o’yini.

                   4. “Oyoq bilan   yuramiz” o’yini.

                   5. “Kosichka” o’yini

                   6. “Qog’ozdan koptok yasash” o’yini

                   7. “Bulut tushdi” o’yini

                   8. “Kimning kafti”o’yini.

 

“Kim sekinroq”

Maqsad: Bu o’yinda bolalar diqqatni rivojlantirishga, aytilgan so’zlarga mos harakat qilishga odatlantiriladi.

            Borishi: Bolalar tarbiyachilar bilan birga boradilar. Kutilmaganda tarbiyachi bunday deydi: “Qani, kim sekin-sekin yurishni yaxshi bilar ekan, oyoq uchlarida mana bunday yuring”(ko’rsatadi). Bolalar oyoq uchlariga ko’tariladilar va mumkin qadar sekin yurishga harakat qiladilar. Qaysi tomonga qarab ketayotgan bo’lsalar, o’sha yo’nalishda yo’lni davom ettiradilar. Keyin tarbiyachi bildirmasdan chetga chiqib oladi-da: “Endi esa hamma mening oldimga yugurib kelsin “, deydi. Bolalar tarbiyachining oldiga yugurib kelib, uni o’rab olishadi. Tarbiyachi bolalar bilan gaplashadi,mashqni g’ayrat bilan yaxshi bajarganliklarini ta’kidlab o’tadi.

3 yoshdagi ayrim bolalar oyoq uchida yurgan vaqtlarida boshlarini g’ayritabbiiy engashtirib, uni yelka tomonga qisib yuradilar. Bunday holatda ular sekinroq yurayotganga o’xshaydilar. Bolalarga bunday harakatlarni ko’rsatib, ularni tuzatishga harakat qilish kerak. Oyoq uchida yurish tovon-to’piqlarni mustahkamlaydi., shu sababli u bolaning jismoniy rivojlanishi uchun juda foydali mashq hisoblanadi. Biroq bolalarni bu mashqni uzoq vaqt bajarishga majbur qilib, ularni toliqtirib qo’ymasligi kerak. O’yin 3-4 marta takrorlanadi.

 

“Koptokni quvib yet”

       Maqsad: Bu o’yinda bolalar chaqqonlikka va koptokni yumalatib, tutib olishga o’rgatiladi.

Bolalar maydonchada o’ynab yurganda, tarbiyachi bir nechta bolani chaqirib, koptokni yumalatishni va uni tyutib kelishni taklif etadi. Keyin birin-ketin koptokni turli tomonga yumalatadi. Bola koptok ketidan yugurib, uni tutib oladi va boshqa tomonga otadi, lekin uni endi boshqa bola olib keladi.

Uch yashar bolalar tarbiyachi otgan koptokning orqasidan yuguradilar. Shundan keyin o’yinga bolalarning boshqa guruhi jalb qilinadi. O’yinda bir yo’la 8-10 nafar bola ishtirok etishi mumkin. Bolalarning baravar yugurishi uchun hamma koptoklarni birdan otish kerak. Koptok o’rniga rezina xalqacha, qum solingan xaltachalardan ham foydalanish mumkin.

 

“Pufak”

 O’yinda bolalar doira bo’lib goh keng, goh g’uj bo’lib turishga o’rgatiladi, berilgan buyruqqa mos harakat qilishga odatlantiliadi.

 Bolalar tarbiyachi bilan birga qo’l ushlashib, kichkina doiracha yasab bir-birlariga yswin tursdilsr. Tarbiyachi she’r aytadi:

   Pufak,pufak aytaman,

    Shishib yana katta bo’l.

    Doimo shunday qol,

     Yorilmay qo’ya qol.

  Shundan keyin bolalar bir-birlarining qo’llarini qo’yib yubormasdan, orqaga yura boshlaydilar. Tarbiyachi “Pufak yorilib ketdi”, deyishi bilanoq bolalar yurishdan to’xtab, qo’llarini tushirib cho’qqayib o’tiradilar va “paq”, “paq” deydilar.

“Pufak yorilib ketdi”, degandan keyin bolalarga qo’llarini qo’yib yubormasdan doira markazi  tomon yurishni taklif qilish mumkin. Ular doira markaziga qarab “sh-sh-sh-sh” deydilar. (havo chiqib ketadi). Keyin yana “pufak shishiriladi.

O’yinda dastlab 6-8, keyin 15-16 ta bola ishtirok etadi. So’zlarni shoshilmasdan aniq aytish, bolalarni tarbiyachi bilan birga so’zlarni takrorlashga jalb qilish lozim.

;