Yangiliklar

Maxsus pedagoglar uchun metodik qoʻllanma taqdimoti o'tkazildi

 

 

        Har bir bola jamiyatda munosib oʻrin egallash, oʻz qobiliyati va salohiyatini roʻyobga chiqarish huquqiga ega. Bu huquqni toʻliq taʼminlash, xususan, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalar uchun teng imkoniyatlar yaratish - zamonaviy taʼlim tizimining muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. 

        Inklyuziv taʼlim - bu jamoaviy harakat. Unda maxsus pedagoglar, sinf rahbarlari, fan oʻqituvchilari, psixologlar va maktab maʼmuriyatining hamjihatligi va muvofiqlashtirilgan faoliyati asosiy poydevor hisoblanadi.

     Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi tomonidan “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan maxsus pedagoglar uchun metodik qoʻllanma” tayyorlandi.

     Mazkur metodik qoʻllanmada inklyuziv taʼlim sinflarida faoliyat yuritayotgan maxsus pedagoglar uchun moʻljallangan boʻlib, alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan oʻquvchilar bilan oʻquv-tarbiyaviy faoliyatni samarali tashkil etish, uni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish boʻyicha metodik koʻrsatmalar, tavsiyalar hamda korreksion-rivojlantiruvchi mashgʻulotlardan namunalar keltirilgan.

   Qoʻllanma oʻquvchilarning individual rivojlanish xususiyatlarini inobatga olgan holda ularning nutqiy, kognitiv va ijtimoiy koʻnikmalarini rivojlantirishga yoʻnaltirilgan boʻlib, pedagoglarning amaliy faoliyatida qoʻllash uchun moʻljallangan.

   Ushbu metodik qoʻllanmadan nafaqat maxsus pedagoglar, inklyuziv taʼlim jarayoniga jalb etilgan boshqa mutaxassislar uchun ham amaliy yordamchi vosita boʻlib xizmat qiladi.

   Mazkur qo‘llanmadan pedagoglar tomonidan amaliy faoliyatda samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida Toshkent shahrida oflayn, respublikaning qolgan 13 ta hududida esa onlayn formatda uchrashuvlar tashkil etildi. Uchrashuvlarda qo‘llanmadan foydalanish bo‘yicha batafsil ko‘rsatmalar berilib, metodik yordam ko‘rsatildi.

;