Yangiliklar

Buxorodagi 8 ta maktabda inklyuziv ta’lim yo‘lga qo‘yilib, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar sogʻlom o‘quvchilar qatorida bilim olishmoqda

Eng muhimi, ular o‘zlarini sog‘lom bolalar qatorida bir xil e’tibor va g‘amxo‘rlik og‘ushida ekanliklarini his etishyapti. Pedagoglar o‘quvchilar orasida mehribonlik, g‘amxo‘rlik, do‘stona muhitini yaratib, ijobiy natijalarga erishishmoqda. Sinf rahbari, maxsus pedagog, psixolog hamkorlikda inklyuziv ta’limning maqsad va vazifalariga amal qilgan holda samarali faoliyat olib borishmoqda. Quyida inklyuziv ta’limning maqsad va vazifalari bilan tanishib chiqamiz:

Inklyuziv ta’limning maqsadi — alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchilar uchun maktabda maxsus vosita va metodlarni qo‘llash orqali maxsus pedagoglarni jalb etgan holda to‘siqsiz moslashtirilgan ta’lim muhitini yaratish, ularning jamiyatga samarali moslashuvi hamda to‘laqonli uyg‘unlashuviga xizmat qiladigan sifatli umumiy o‘rta ta’lim berishni ta’minlashdan iborat.

Maktablar alohida ta’lim olish ehtiyoji bo‘lgan bolalar va ularning ota-onalariga korreksion pedagogik yordam olishida va kasbga yo‘naltirishda har tomonlama yordam ko‘rsatadi.

Inklyuziv ta’limning vazifalari quyidagilardan iborat:

rivojlanishning turli imkoniyatlariga ega bo‘lgan o‘quvchilar uchun har qanday kamsitilishni istisno qiladigan, barcha bolalarga teng munosabatda bo‘lishni ta’minlaydigan yagona moslashtirilgan ijtimoiy muhitni yaratish;

jamoatchilik hamda ta’lim jarayonining barcha ishtirokchilarida alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan o‘quvchilar muammolariga nisbatan bag‘rikenglik munosabatini shakllantirish;

ta’lim jarayonida sog‘lom bolalar bilan bir qatorda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning aqliy va ijtimoiy salohiyatlarini rivojlantirish;

barcha o‘quvchilar uchun davlat ta’lim standartlariga muvofiq umumiy o‘rta ta’lim dasturlarini o‘zlashtirish uchun imkoniyat yaratish;

o‘quvchilarning har tomonlama rivojlanishi, emotsional-irodaviy sohasi, bilish faoliyatini faollashtirish, ijtimoiy ko‘nikma va salohiyatini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratish;

alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan oilalarga maslahat yordami berish hamda ota-onalarni farzandlariga ta’lim-tarbiya berish, pedagogik texnologiyalar, ta’lim-tarbiya metod va vositalarini qo‘llash sohasida xabardorlik darajasini oshirish, ularni psixologik-pedagogik jihatdan qo‘llab-quvvatlash.

;