Yangiliklar

XALQARO ILMIY-AMALIY KONFERENSIYA O‘TKAZILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xalq ta’limini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2022-yil 11-maydagi PQ-241-son qarori belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Joriy yilning 23 sentabr kuni Yoshlar ishlari agentligi binosida Toshkent shahar muhandislik ta’limi assotsiatsiyasining “O‘quvchilarni kasbiy mahoratini, intellektual salohiyatini oshirish va kasbiy faoliyatda bo‘lgan qobiliyat va kompetentsiyalarini shakllantirish” loyihasi doirasida Xalq ta’limi huzuridagi O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazi bilan hamkorlikda “Xalq ta’limi tizimida o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish: muammo va ularning yechimlar” mavzusida Xalqaro ilmiy-amaliy konferentsiyasi o‘tkazildi.

Konferentsiya davomida Belorusiya milliy texnika universiteti yetakchi olimlari, Xalqaro raqamli universitet rektori, Shvetsariyaning “Swiss Create Business Academy” korxonasi asoschilari va mahalliy oliy ta’lim muassasalari yetakchi olimlari va ta’lim muassasalari psixologlari ishtirok etishdi.

Hozirgi kunda xalq ta’limi tizimini zamonaviy darajada rivojlantirishning dolzarb masalalaridan biri umumta’lim maktablarida o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik xizmat ko‘rsatish ishlarini ilmiy-pedagogik asoslarda uzluksiz ravishda takomillashtirib borish hisoblanadi. O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik xizmat ko‘rsatish ishlarining jiddiy ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega ekanligini hisobga olgan holda respublikamizda O‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va psixologik-pedagogik Respublika tashxis markazi va uning hududlardagi tarkibiy bo‘linmalari tizimi tashkil etilgan.

Mazkur tadbirni samarali va yuqori darajada o‘tishini ta’minlash maqsadida ilmiy-amaliy jihatdan o‘quvchi-yoshlar muammolari bo‘yicha faoliyat yuritadigan mahalliy va xalqaro tashkilotlar vakillari, ta’lim muassasalari psixologlari, kuchli motivator-trenerlar taklif etildi.

Konferentsiyadan ko‘zlangan maqsad xorij tajribalari asosida umumta’lim maktab o‘quvchilarini kasb-hunarga yo‘naltirish ishlarini tashkil etish, ularni kelajakda ongli ravishda kasb tanlashlariga ko‘maklashish va maktab psixologlarini malakalarini oshirish kabi masalalar ko‘zda tutilgan.

Konferentsiya natijasida o‘quvchilarni kasb tanlashlaridagi muammolarga mustaqil yechim topishlariga hamda bu sohada faoliyat olib borayotgan psixologlarni yangi bilim, ko‘nikma va malalakalarini oshirish hamda kasb-hunarga yo‘naltirishda xorij tajribalarni o‘rganish va amaliyotga joriy etish ishlarini samaradorligini oshirishda xizmat qiladi.

 

;