2026-yil 28-yanvar sanasida Ta’limni rivojlantirish Respublika ilmiy-metodik markazi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Respublika tashxis markazi hamkorligida Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi 8-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida “Ta’limda psixologik farovonlikni birga yaratamiz” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.

Mazkur o‘quv-seminarning asosiy maqsadi ta’lim muassasalarida sog‘lom psixologik muhitni shakllantirish, o‘quvchilarning ruhiy holatini qo‘llab-quvvatlash, pedagoglar va maktab psixologlarining kasbiy kompetensiyalarini oshirish hamda ta’lim jarayonida psixologik farovonlikni ta’minlash bo‘yicha samarali mexanizmlarni joriy etishdan iborat bo‘ldi.
Seminar davomida ishtirokchilarga psixologik farovonlik tushunchasining mazmun-mohiyati, uning ta’lim jarayoniga ta’siri, o‘quvchilarning emotsional holatini aniqlash va baholash usullari, ijtimoiy-psixologik muammolarni erta aniqlash hamda ularni bartaraf etish yo‘llari bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, maktab muhitida stress, xavotir, emotsional charchoq va moslashuv muammolarining oldini olish masalalari muhokama qilindi.
O‘quv-seminar jarayonida zamonaviy psixodiagnostik metodikalar, amaliy mashg‘ulotlar, interaktiv treninglar va guruhli muhokamalar tashkil etilib, ishtirokchilarning faol ishtiroki ta’minlandi. Pedagog va psixologlarga o‘quvchilar bilan individual va guruhli ishlash, ota-onalar bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, ijtimoiy xavf guruhiga kiruvchi bolalar bilan ishlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.