2026-yilning 5-fevral kuni markaz tomonidan tasdiqlangan yillik grafik-reja asosida umumtaʼlim maktablari qoshida tashkil etilgan logopediya shoxobchalarida faoliyat yuritayotgan oʻqituvchi-logopedlar uchun navbatdagi oʻquv-seminar tashkil etildi. Ushbu oʻquv-seminar logopediya sohasida ish olib borayotgan mutaxassislarning kasbiy bilim va koʻnikmalarini yanada oshirish, zamonaviy ilmiy yondashuvlar bilan tanishtirish hamda amaliy tajriba almashish maqsadida oʻtkazildi.

Oʻquv-seminarda “Renessans taʼlim universiteti” professori, pedagogika va psixologiya sohasida yetuk mutaxassis hisoblangan Sh. Sultonova ishtirok etib, “Psixolingvistika (nutqni hosil qilish jarayonlari, nutqni idrok etish mexanizmlari)” mavzusida atroflicha maʼruza qildi. Maʼruza davomida psixolingvistka tushunchasini, nutqning koʻpgina jihatli jarayonlarini, nutq jarayonlarining etaplarini, nutqni tushunish bosqichlarini ilmiy asoslangan holda yoritib berildi.
Professor Sh. Sultonova oʻz maʼruzasida psixolingvistikaning logopediya amaliyotida tutgan oʻrni, nutq nuqsonlarini aniqlash va bartaraf etishda psixolingvistik yondashuvlarni qoʻllashning ahamiyatiga alohida toʻxtalib oʻtdi. Shuningdek, nutqiy rivojlanishida qiyinchilikka ega boʻlgan bolalar bilan ishlashda individual yondashuv, diagnostika va korreksion ishlar oʻrtasidagi uzviy bogʻliqlik haqida ham qimmatli fikrlar bildirildi.
Oʻquv-seminar noanʼanaviy, interaktiv tarzda tashkil etildi. Maʼruza jarayonida hayotiy misollar, amaliy holatlar tahlili hamda savol-javoblar orqali ishtirokchilarning faol ishtiroki taʼminlandi. Seminar yakunida tinglovchilar tomonidan berilgan savollarga professor tomonidan batafsil va tushunarli javoblar berildi, amaliy faoliyatda uchraydigan muammolar yuzasidan aniq tavsiyalar taqdim etildi.

Mazkur oʻquv-seminarda respublika boʻylab umumtaʼlim maktablarida faoliyat yuritayotgan 700 nafarga yaqin oʻqituvchi-logopedlar ishtirok etdi. Seminar ishtirokchilari tomonidan ushbu tadbir logopediya sohasidagi bilimlarni yangilash, ilmiy yangiliklar bilan tanishish va kasbiy mahoratni oshirishda muhim ahamiyatga ega ekani alohida taʼkidlandi.
Oʻquv-seminar yakunida ishtirokchilarga kelgusida ham shunday mazmunli va amaliy ahamiyatga ega tadbirlarni muntazam tashkil etish zarurligi qayd etildi. Ushbu oʻquv-seminar logopediya sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning kasbiy rivojlanishiga xizmat qiluvchi samarali tadbirlardan biri sifatida baholandi.