Joriy yilning 06-fevral kuni markaz tomonidan umumtaʼlim maktablarida tashkil etilayotgan inklyuziv sinflarda faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlar uchun navbatdagi onlayn oʻquv-seminar oʻtkazildi. Mazkur oʻquv-seminarning asosiy maqsadi inklyuziv taʼlim tizimida ishlayotgan mutaxassislarning kasbiy bilim va koʻnikmalarini oshirish, imkoniyati cheklangan bolalar bilan ishlashda zamonaviy psixologo-pedagogik yondashuvlarni qoʻllash hamda amaliy tajriba almashishdan iborat boʻldi.

Oʻquv-seminarda umumtaʼlim maktablari direktorlari, direktor oʻrinbosarlari, boshlangʻich taʼlim oʻqituvchilari, maktab psixologlari hamda maxsus pedagoglar ishtirok etdi. Seminar doirasida “Koʻrishda muammolari boʻlgan oʻquvchilarning psixologik xususiyatlari” mavzusida mazmunli va ilmiy asoslangan maʼruza tinglandi.
Mavzu yuzasidan tinglovchilarga avvalo tiflopsixologiya fanining mohiyati haqida maʼlumot berildi. Tiflopsixologiyaning obyekti, maqsadi va vazifalari, uning inklyuziv taʼlim tizimida tutgan oʻrni atroflicha yoritildi. Shuningdek, koʻz kasalliklarining kelib chiqish sabablari, koʻruv analizatorining buzilish darajalariga koʻra bolalarning toifalanishi haqida tushunchalar berildi.
Maʼruza davomida koʻrishi zaif boʻlgan bolalarda psixik jarayonlarning oʻziga xos jihatlari, jumladan, sezgi va idrok, tasavvur, xotira, tafakkur, nutq va muloqot jarayonlarining rivojlanish xususiyatlari hayotiy misollar asosida tushuntirib berildi. Ayniqsa, bunday bolalarda atrof-muhitni idrok etish, makon va vaqt tushunchalarini shakllantirish, oʻquv faoliyatiga moslashishda uchraydigan qiyinchiliklarga alohida eʼtibor qaratildi.

Shuningdek, koʻrishi zaif oʻquvchilarning shaxsiy rivojlanish xususiyatlari, oʻz-oʻziga ishonch, ijtimoiy faollik, tengdoshlar bilan munosabatlar va oʻquv jarayonida qoʻllab-quvvatlash usullari haqida ham muhim tavsiyalar berildi. Inklyuziv sinflarda pedagog va psixologlar oʻrtasidagi hamkorlik, ota-onalar bilan ishlash, individual yondashuvning ahamiyati taʼkidlab oʻtildi.
Oʻquv-seminar interaktiv tarzda tashkil etilib, tinglovchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olish imkoniyatiga ega boʻldilar. Mutaxassislar tomonidan inklyuziv taʼlimda duch kelinayotgan amaliy muammolar muhokama qilinib, ularni hal etish boʻyicha aniq tavsiyalar berildi.
Mazkur onlayn oʻquv-seminarda respublika miqyosida 740 nafar pedagog xodim ishtirok etdi. Seminar ishtirokchilari ushbu tadbir inklyuziv taʼlim sohasidagi bilimlarni chuqurlashtirish, koʻrishi zaif boʻlgan oʻquvchilar bilan ishlashda kasbiy mahoratni oshirishga xizmat qilishini taʼkidladilar.
Ushbu oʻquv-seminar inklyuziv taʼlimni yanada rivojlantirish, taʼlim jarayonida barcha bolalar uchun teng imkoniyatlar yaratish yoʻlida muhim qadamlardan biri sifatida baholandi.