Yangiliklar

UNICEF hamda “Ishonch” fondi hamkorligida amalga oshirilgan ishlar

Xiva shahridagi 5-son umumta’lim maktabida inklyuziv ta’limni samarali tashkil etish maqsadida yaratilgan zamonaviy sharoitlarni o‘rganish yuzasidan mas’ul rahbarlar tashrif buyurdilar. Jumladan, Xiva shahar hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari B. Vaisov, Xiva shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i S. Ramazanov, shuningdek shahardagi inklyuziv ta’lim tashkil etilgan maktablar direktorlari mazkur maktab faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

Tashrifdan asosiy maqsad – maktabda alohida ta’lim ehtiyojiga ega bo‘lgan o‘quvchilar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirish, inklyuziv ta’lim jarayonini tashkil etish tajribasini o‘rganish hamda bu boradagi ishlarni yanada takomillashtirish masalalarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Ma’lumki, bugungi kunda ta’lim tizimida barcha bolalar uchun teng imkoniyat yaratish, ularning sifatli ta’lim olishini ta’minlash muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan, Xiva shahar 5-son umumta’lim maktabida alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan o‘quvchilar uchun zamonaviy va qulay muhit yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilgan. Mazkur loyiha UNICEF hamda “Ishonch” fondi hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, maktabda inklyuziv ta’limni rivojlantirishga qaratilgan muhim tashabbuslardan biri hisoblanadi.

Yaratilgan sharoitlar doirasida maktabda bir qator zamonaviy imkoniyatlar tashkil etildi. Xususan, alohida ta’lim ehtiyojiga ega bo‘lgan o‘quvchilar uchun maxsus jihozlangan sinf xonalari tashkil etilib, ular zarur o‘quv anjomlari bilan ta’minlandi. Sinf xonalari o‘quvchilarning qulay va samarali ta’lim olishi uchun moslashtirilgan bo‘lib, unda turli didaktik materiallar, rivojlantiruvchi o‘yinlar hamda zamonaviy texnik vositalardan foydalanish imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, maktab zamonaviy didaktik materiallar va texnik vositalar bilan boyitildi. Bu vositalar o‘quv jarayonini qiziqarli va samarali tashkil etish, o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda ularning individual rivojlanishiga xizmat qiladi. O‘quvchilar bilan ishlash jarayonida maxsus pedagoglar, psixologlar va o‘qituvchilar hamkorlikda faoliyat olib borishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

Bundan tashqari, maktab hududida o‘quvchilarning erkin harakatlanishi uchun qulay infratuzilma shakllantirilgan. Bu esa alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalarning maktab muhitiga moslashishi, mustaqil harakat qilishi va o‘zlarini erkin his etishlariga yordam beradi. Shu bilan birga, maktabda psixologik-pedagogik qo‘llab-quvvatlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, o‘quvchilarning rivojlanish jarayonini muntazam kuzatib borish, ularga individual yondashuv asosida yordam ko‘rsatish imkonini bermoqda.

;