Respublika tashxis markazi tomonidan 2026-yil 4-mart kuni davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbar va pedagoglari uchun inklyuziv ta’lim ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan o‘quv seminari tashkil etildi. Seminarning asosiy maqsadi maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan rahbar va pedagoglarning inklyuziv ta’lim sohasidagi bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash, alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar bilan samarali ishlash bo‘yicha metodik tavsiyalar berishdan iborat bo‘ldi.

Seminar davomida “Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan tarbiyalanuvchilar bilan individual yondashuv asosida ishlash” mavzusida batafsil ma’ruza qilindi. Ma’ruzada alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarning rivojlanish xususiyatlari, ularni aniqlash, baholash va ular bilan individual ishlashning samarali usullari haqida muhim ma’lumotlar berildi. Shuningdek, pedagoglar uchun inklyuziv muhitni tashkil etish, bolalarning imkoniyatlarini hisobga olgan holda ta’lim jarayonini rejalashtirish, ota-onalar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda har bir bola uchun individual yondashuvni ta’minlash masalalari keng yoritib berildi.
Seminar davomida ishtirokchilarga amaliy tavsiyalar, metodik ko‘rsatmalar ham taqdim etildi. Pedagoglar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassisdan batafsil javoblar olishdi hamda o‘zaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Mazkur o‘quv seminarda respublikaning turli hududlaridan 400 nafardan ziyod maktabgacha ta’lim tashkilotlari rahbarlari va pedagoglari ishtirok etib, inklyuziv ta’limni samarali tashkil etish bo‘yicha zarur bilim va tavsiyalar oldilar. Seminar ishtirokchilari tomonidan tadbir mazmunli va amaliy ahamiyatga ega ekani alohida ta’kidlandi.