O‘zbekistonda alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarni inklyuziv maktabgacha va maktab ta’lim muassasalariga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilish jarayonida ota-onalar duch keladigan xulq-atvor va amaliyotga oid asosiy to‘siqlarni aniqlashtirish hamda ularning ustuvorlarini belgilash maqsadida manfaatdor tomonlar ishtirokida seminar tashkil etildi.

Mazkur seminar Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda UNICEF hamkorligida o‘tkazildi. Tadbirda soha mutaxassislari, davlat tashkilotlari vakillari, ta’lim tizimi mutasaddilari va boshqa manfaatdor tomonlar ishtirok etdilar.
Seminar davomida inklyuziv ta’limdan foydalanishga ta’sir qiluvchi omillar, jumladan ota-onalar qaroriga ta’sir etuvchi xulq-atvor va amaliyotga oid to‘siqlar tahlil qilindi. Taqdimotlar jarayonida mavjud ma’lumotlar tahlili, fokus-guruh muhokamalari hamda asosiy informatorlar bilan o‘tkazilgan intervyular natijalari ishtirokchilarga taqdim etildi.
Tadbirning muhim qismi kichik guruhlarda tashkil etilgan muhokamalar bo‘lib, unda ishtirokchilar inklyuziv maktabgacha va maktab ta’limidan foydalanishga ta’sir qiluvchi omillarni chuqur tahlil qildilar. Jumladan, jismoniy muhit, ijtimoiy muhit, imkoniyatlar hamda motivatsiya bilan bog‘liq omillar ko‘rib chiqildi va ularning ustuvorlik darajasi baholandi.
Guruhlar tomonidan bildirilgan fikrlar yalpi majlisda taqdim etilib, muhokama qilindi. Ushbu jarayon inklyuziv ta’limni rivojlantirishga xizmat qiluvchi eng muhim omillarni aniqlash va kelgusidagi strategik choralarni belgilashga imkon berdi.
Seminar yakunida inklyuziv ta’limni yanada rivojlantirish, ota-onalarning qaror qabul qilish jarayonidagi to‘siqlarni kamaytirish hamda ta’lim tizimida teng imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi. Tadbir natijalari inklyuziv ta’limni rivojlantirishga qaratilgan strategiyalarni ishlab chiqishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.