Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan endilikda maktab taʼlimida o‘quvchilar uchun hududlardan va talabdan kelib chiqqan hola 64 xildagi kasb-hunar oʼrgatish yoʼlga qoʼyiladi. Toshkent viloyatidagi umumtaʼlim maktablarida ham ayni masala yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Quyi Chirchiq, Yangiyo‘l tumanlari va Nurafshon shaharlarida 3 tadan maktablar namuna sifatida olinib, talab va ehtiyojdan kelib chiqqan holda kasblar tanlab olinib, ularga maxsus xonalar ajratilib, jihozlanmoqda. Undan tashqari ayni tashabbus doirasidagi ishlar viloyatning barcha tuman, shahar maktablarida keng yo‘lga qo‘yilmoqda.
Shu munosabat bilan bugun O‘rta Chirchiq tumanidagi 3-sonli umumtaʼlim maktabida ham o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish bo‘yicha seminar tashkil etildi.
Mazkur seminarda viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi mutasaddilari va viloyat hokimligi vakillari ishtirok etib, maktab maʼmuriyati va pedagoglar oldiga qo‘yilayotgan vazifalar, kelgusi rejalar haqida batafsil tushuntirish olib borildi.
Seminarda tumandagi 56 ta umumtaʼlim maktabining rahbarlari va amaliyotchi psixologlari ishtirok etib, o‘zlariga kerakli maʼlumotlarni olishdi.
Seminardan so‘ng, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Mamatqulov bitiruvchi yoshlar bilan uchrashdi. Ularning qiziqishlari, kelajakdagi orzulari bilan o‘rtoqlashdi.