Bugungi kunda Oʻzbekiston kasb-taʼlim sohasida keng qamrovli islohotlar olib borilmoqda. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kasbiy taʼlim tizimida islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2025-yil
23-oktabrdagi PQ-316-son qarori bilan uzluksiz kasb-hunarga yoʻnaltirish dasturlari tasdiqlandi.
Uzluksiz kasb-hunarga yoʻnaltirish ishlari quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
1. “Atrofimizdagi kasblar” dasturi asosida maktabgacha taʼlim tashkilotlarida 5 yoshdan boshlab bolalarda oʻyinlar orqali turli kasblar haqida ilk tasavvurlar shakllantiriladi.
2. “Kasblar alifbosi” dasturi asosida umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarining 1- 4-sinf oʻquvchilariga turli kasblar ahamiyati haqida tushunchalar beriladi va ularning dastlabki kasbiy qiziqishlari rivojlantiriladi.
3. “Kasblar olami” dasturi asosida 5-6-sinf oʻquvchilarining kasbiy faoliyat va mehnat sohalariga qiziqishlari rivojlantiriladi va kelajakdagi kasbiy tanlovga tayyorgarlikning asosi yaratiladi.
4. “Mening kelajakdagi kasbim” dasturi asosida maktab maslahatchilari tomonidan 7-9-sinf oʻquvchilarining kasbiy qiziqishlari, qobiliyatlari va iqtidorlari aniqlanib, ularni akademik taʼlim yoki kasb-hunarga yoʻnaltirish ishlari tashkil etiladi.
Ushbu dastur orqali oʻquvchilar oʻz kasbiy qiziqishlari, layoqati va shaxsiy salohiyatini aniqlab, zamonaviy mehnat bozoriga mos kasb yoʻnalishini tanlash imkoniga ega boʻladilar. Shuningdek, oʻquvchilarni kasb tanlash jarayonida ongli qaror qabul qilish, oʻz kelajagini ongli ravishda tasavvur qilish, shaxsiy sifatlari va ichki imkoniyatlarini aniqlash, jamiyatda mavjud kasb-hunarlar haqida toʻgʻri va aniq tasavvur hosil qilishda yordam beradi.
Dastur oʻquvchilarga kasb tanlashning asosiy tamoyillari, omillari va hayotiy mezonlarini sodda va tushunarli tilda tushuntirib beradi. Unda har bir oʻquvchining individual qobiliyati, qiziqishi, sogʻligʻi, xarakteri, temperament xususiyatlari, mehnatga munosabati va oila koʻmagi kabi muhim jihatlar inobatga olingan. Zero, har bir oʻquvchi - takrorlanmas shaxs, uning qiziqishlari ham oʻziga xosdir. Shuning uchun toʻgʻri kasb tanlash jarayonida har bir oʻquvchining ichki olamini, mayllarini, maqsadlarini chuqur tushunish zarur.
Mazkur vazifalarni amalga oshirish maqsadida oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish borasida bir qator xorijiy davlatlar tajribalari oʻrganildi. Jumladan, Xitoy, Germaniya va Shvetsariya davlatlarida oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish ishlari 3 bosqichda, yaʼni “Maktabgacha taʼlim” (5-6-yosh), “Boshlangʻich sinflar (1-4-sinflar) va “Oʻrta sinf” (5-9-sinflar) amalga oshirilishi belgilab oʻtilgan.
Seminar davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktab o‘quvchilari uchun ishlab chiqilgan kasbga yo‘naltiruvchi uzluksiz o‘quv dasturi va dars ishlanmalari, ularning vazifalari hamda amaliyotga joriy etish haqida so‘z yuritildi.
Ko'rish